YURAK ASTMASI — yurak chap qorinchasining oʻtkir yetishmovchiligi xuruji. Yurak astmasi gipertoniya kasalligi, yurak toj tomirlari yetishmovchiligi, simptomatik arterial gipertenziya, kardioskleroz, miokard infarkti, yurak (aortal va mitral) poroklaritsa, shuningdek, yurak aritmiyalari bilan ogʻrib yetarli davolanmagan bemorlarda kasallik kuchaygan davrida kuzatiladi. Yurak astmasi xuruji bir necha minutdan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Bunda yurak chap qorinchasi keskin zaiflashib, oʻpkadan oʻziga kelayotgan qonni aortaga toʻla oʻtkaza olmay qoladi, ayni vaqtda yurak oʻng qorinchasidan qonning kichik qon aylanish doirasiga oʻtkazilishi davom etaveradi; unda qon kelishi va chiqib ketishi jarayonlaridagi nomutanosiblik oqibatida kichik qon aylanish doirasida qon dimlanib, oʻpkada gaz almashinuvi buziladi, qonda karbonat angidrid koʻpayadi, bu esa nafas markazlarini taʼsirlab bemor nafasi qisishi, boʻgʻilib qolishiga sabab boʻladi. Jismoniy yo ruhiy zoʻriqish, qattiq ishlash, ortiqroq ovqat yoki suyuqlik isteʼmol qilish va boshqalar koʻpincha Yurak astmasi xurujiga olib keladi; baʼzan xuruj kasallik belgisi yoki asorati sifatida namoyon boʻladi. Xuruj uyquda toʻsatdan boshlanadi. Bemorga havo yetmay, oʻrnidan turib oʻtiradi, nafasi qisib, xirillab qoladi, koʻkaradi, muzdek ter bosib, halloslaydi, pulsi tezlashadi, oʻlib qolayotgandek vahimaga tushadi. Vaqgida yordam koʻrsatilmasa, oʻpka alveolalariga chiqqan qon plazmasi «koʻpira boshlaydi». Bemor ogzidan qizgʻish koʻpik chiqadi va bu ayrim hollarda noxushlik bilan tugashi ham mumkin. Yurak astmasi oʻpkada qon dimlanishi tezligi va kuchiga qarab, turli ogʻirlik va muddat davomida kechadi.
Birinchi yordam: xuruj tutganda bemorni oyoqlarini pastga osiltirib oʻtqazib qoʻyish, derazalarni ochib toza havodan nafas oldirish, oyoqlariga issiq vanna qilish va darhol «tez yordam» chaqirish zarur.
Davosi. Bemorning umumiy ahvoli, kasallik alomatlari va h. k. ga qarab buyuriladi, parhez tavsiya etiladi. Xurujdan keyingi davrda muolaja asosiy kasallikni maxsus reja asosida davolashdan iborat.