Adibning hayoti va ijodi haqida bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. U XIII asrning oxiri XIV asrning boshlarida Xorazmning Raboti o‘g‘uz degan joyida yashab ijod etgan. Bizga uning "Qissasi Rabg‘uziy"dan boshqa asari ma’lum emas. Mazkur kitobda u o‘zi haqida musulmonlarga xos kamtarinlik bilan "...bu kitobni tuzgan, toat yo‘lida tizgan, ma’siyat yobonin kezgan, oz ozuqliq, ko‘p yozuqliq Raboti o‘g‘uz qozisi Burhon o‘g‘li Nosiruddin..." deb yozadi.
Ko‘rinadiki, allomaning oti Nosiruddin bo‘lib, otasi Burhoniddin Raboti o‘g‘uzning qozisi bo‘lgan. Rabg‘uziy taxallusi ham u yashagan joy bilan bog‘liq. Yetuk ulamo va din oilasida tarbiyalangan Nosiruddinning o‘z zamonasida taniqli tarixchi, yetuk shoir va iste’dodli tarjimon sifatida tan olinganligidan dalolat beruvchi bir talay yordamchi manbalar mavjud.
Rabg‘uziyning qissalari ma’nosini anglatuvchi "Qissasi Rabg‘uziy" asari olam va odamning yaratilishi, insonning yo‘ldan ozishi va komillik sari mashaqqatli va uzoq yo‘l bosib borayotganligi haqida g‘oyat mantiqli va qiziqarli tarzda hikoya qilinadi.
Ushbu asar musulmon dinini qa’bul qilgan e’tiborli mo‘g‘ul beklaridan biri Nosiruddin To‘qbug‘aning iltimosiga ko‘ra, hijriy 109 (milodiy 1309 - 1310) yilda yozilgan.
Asosan payg‘ambar hayotini hikoya qiluvchi bu asarning o‘ziga xos yaratilish tarixi bor. Musulmon Sharqida bu mavzuda "Qisas ul-anbiyo" (payg‘ambarlar qissasi) nomi bilan mashhur ko‘plab asarlar yaratilgan. Lekin, asarda yozilishicha, ularning "ba’zisi mustaqim (to‘g‘ri, haqiqiy) bor, ba’zisi nomustaqim. Bir onchasi (bir qanchasi) muqarrar (puxta, tugal) va bir onchasi mubattar (notugal) bor". Shuning uchun ham bek To‘qbo‘g‘a adibdan "o‘qimoqg‘a keraklik, o‘granmakka yarog‘liq" payg‘ambarlar qissalaridan iborat asar yozib berishini so‘ragan edi. Mazkur vazifani ulkan salohiyot, katta mahorat bilan uddalagan adibning asari "Qissasi Rabg‘uziy", "Qisas ul-anbiyoi turkiy" nomi bilan shuhrat topdi va yaratilgandan to bugungi kungacha sevilib o‘qib kelinmoqda.
Rabg‘uziyning bu ijdo mahsuli mazkur mavzu an’anasidagi o‘ziga xos bosqich bo‘ldi. Birinchidan, adib o‘zigacha yaratilgan payg‘ambarlar haqidagi qissalarni puxta o‘rgandi, ularning yutuqlarini umumlashtirdi, rivojlantirdi.
Ikkinchidan, salaflari yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni tuzatdi, xato va chalkashliklarga barham berdi. Uchinchidan, oldinlari nabiylar haqidagi qissalar arab va fors tillarida yozilgan bo‘lsa, Rabg‘uziyning turkiy tilda bitilgan qissalari turkiy xalqlarning bebaho ma’naviy mulkiga aylandi.
Unda XIII asr oxiri - XIV asr boshlaridagi turkiy adabiyotning bir qator o‘ziga xos xususiyatlari juda yorqin namoyon bo‘lgan.
Halollikka, o‘z mehnati bilan halol kun ko‘rishga, boshqalarga zulm qilmaslikka undash Rabg‘uziyning hikoyalarining asosiy maqsadidir. O‘zbek nasrida ilk marotaba dialoglar Rabg‘uziy tomonidan keng qo‘llangan. Ana shu dialoglar vositasida asosiy g‘oyaviy maqsad yorqin va ta’sirchan ifodalangan.
Nosiriddin Burxoniddin Rabg‘uziyning "Qissai Rabg‘uziy" asarining eng qadimgi qo‘lyozmasi Londondagi "Britaniya" muzeyida saqlanadi.